Bosh sahifa » Yangiliklar

Yangiliklar


« Back

O‘zbekiston-Turkmaniston  15.12.2009 09:29

O'zbekiston-Turkmaniston: hamkorlikning yangi bosqichi

Avval xabar qilinganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 13-14 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo'ldi.

O'zbekiston va Turkmaniston xalqlarini umumiy tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar bir-biriga bog'lab turadi. O'zbek va turkman azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib, to'y-tomoshalarida mehmon bo'lib keladi. Ajdodlarimizning ilmiy va adabiy merosi ham xalqlarimizning umumiy mulki sanaladi. O'zbekistonda Mahtumquli, Turkmanistonda Alisher Navoiy asarlari kirib bormagan xonadon yo'q, desa bo'ladi.

Mamlakatlarimiz mustaqillikka erishganidan keyin an'anaviy do'stlik va hamkorlik aloqalari yangi zamon ruhida rivojlana boshladi. O'zaro munosabatlarni rivojlantirishdan O'zbekiston ham, Turkmaniston ham birdek manfaatdor. Bu mushtarak manfaatdorlik oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazam tus olishiga asos bo'ldi. O'zbekiston Prezidenti 2007 yilda Turkmanistonga, 2008 va 2009 yillarda Turkmaniston rahbari O'zbekistonga tashrif buyurdi. Bu gal Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobodda uchrashdilar.

Turkmaniston Prezidentining saroyida 13 dekabr kuni davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo'ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov shohsupaga ko'tarildilar. O'zbekiston va Turkmaniston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o'tdilar.

O'zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining yakkama-yakka suhbati bo'ldi. Unda mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, O'zbekiston rahbarining mazkur tashrifi o'zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik asosidagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur'at baxsh etishi va uni yanada yuqori pog'onalarga ko'tarishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Prezidentlar mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqboliga oid masalalar, o'zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar. Jumladan, O'zbekiston va Turkmanistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar hamkorligiga, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Bugungi kunda ikki tomonlama aloqalar 2007 yilda imzolangan Do'stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to'g'risidagi davlatlararo shartnoma asosida rivojlanmoqda. O'zbekiston va Turkmaniston rahbarlari bu munosabatlar ko'lamini yanada kengaytirish, yangi mazmun bilan boyitish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini qayd etdilar.

O'zbekiston va Turkmanistonning tinchlikparvar tashqi siyosati, xalqaro maydonda bir-birini qo'llab-quvvatlashi, mintaqaviy tahdidlarning oldini olish masalasiga yondashuvlarning mosligi siyosiy sohada mamlakatlarimizni o'zaro yaqinlashtiradigan muhim jihatlardir. O'zbekiston ham, Turkmaniston ham terrorizm, diniy ekstremizm, xalqaro uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog' va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi hamkorlikda kurashish zarur, degan nuqtai nazarni yoqlaydi. Mamlakatlarimiz mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yanada izchil taraqqiyotni ta'minlashning muhim omili deb hisoblaydi.

Muloqot chog'ida Markaziy Osiyoda suv-energetika zaxiralaridan unumli foydalanish masalasi muhokama qilindi. Transchegaraviy daryolar bo'yida gidrotexnik inshootlar barpo etish chog'ida mintaqaning barcha mamlakatlari bilan maslahatlashish, mustaqil xalqaro ekspertlarning xulosasini olish zarurligi ta'kidlandi.

Iqtisodiy hamkorlik haqida so'z ketganda, avvalo, O'zbekistonda ham, Turkmanistonda ham energiya manbalarining yirik konlari mavjud ekanini, neft-gaz sanoati jadal rivojlanib, xorijiy sarmoyadorlar bilan sheriklik aloqalari ko'lami kengayib borayotganini ta'kidlash joiz. Mamlakatlarimiz bu sohada ikki tomonlama hamkorlik barobarida ko'p tomonlama loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. Turkmaniston-O'zbekiston-Qozog'iston-Xitoy gaz quvuri buning yorqin tasdig'idir.

Bunday loyihalar negizida nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va gumanitar manfaatlar ham mujassam. Quvur tortish chog'ida uning tevaragida infratuzilma barpo etilib, yangi ish o'rinlari yaratiladi. Yangi quvurlar mamlakatlarimizning tranzit salohiyatini oshiradi.

Tranzit deganda, keyingi gap o'z-o'zidan transport sohasiga borib taqaladi. Transport kommunikatsiyalari O'zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy hamkorligining yana bir muhim bo'g'inidir. Ayni paytda O'zbekiston hududi orqali Turkmanistonga, Turkmaniston hududi orqali O'zbekistonga katta miqdorda yuk tashiladi. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o'taydi.

Prezidentlar muzokarani O'zbekiston va Turkmaniston rasmiy delegatsiyalari a'zolari ishtirokida davom ettirdilar.

O'zbekiston va Turkmaniston tabiiy gaz qazib olish va uzatish borasida dunyodagi yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi. Turkmanistondan Xitoyga tortilgan gaz quvuri hamkorlik imkoniyatlari o'z vaqtida va to'g'ri ishga solinayotganini ko'rsatadi. Birgalikda sarmoya jalb etish, yirik xalqaro konsorsiumlar tuzish orqali O'zbekistonda ham, Turkmanistonda ham neft-gaz sohasida yuqori qo'shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish mumkin. Bu neft-gaz sanoati keltiradigan daromadni bir necha hissa oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, O'zbekiston va Turkmanistonga siyosiy va gumanitar manfaat ham keltiradi. Chunki bu orqali hamjihatlik mustahkamlanadi, yangi ish o'rinlari, yangi infratuzilma inshootlari barpo etiladi.

Ta'kidlanganidek, O'zbekiston va Turkmaniston xalqaro tranzit yuk tashish borasida katta imkoniyatlarga ega. Bu sohadagi amaliy hamkorlik tufayli yiliga mamlakatlarimiz hududi orqali tashib o'tiladigan O'zbekiston va Turkmanistonga tegishli eksport-import yuklari hajmi qariyb 2,5 million tonnaga yetadi.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, endilikda O'zbekistonning "Navoiy" erkin industrial-iqtisodiy zonasiga Turkmaniston sarmoyasi va ishbilarmonlarini jalb etish imkoniyati paydo bo'ldi.

Mamlakatlarimiz hamkorligida qishloq xo'jaligi ham ustuvor sohalardan hisoblanadi. O'zbekistondan Turkmanistonga paxta terish mashinalari, traktorlar, pritseplar, mineral o'g'itlar yetkazib berish hajmini oshirish ham ikki tomon uchun foydalidir. Gurbanguli Berdimuhamedovning 2008 yildagi O'zbekistonga tashrifi chog'ida agrosanoat majmui sohasida hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolangan edi.

Dunyoda eng serdaromad sohalardan biriga aylanib borayotgan sayyohlik hamkorlikning yana bir ustuvor yo'nalishidir. Bu boradagi hamkorlik ikki tomonlama sayyohlar almashuvini rivojlantirishga, xalq hunarmandligi buyumlarini tayyorlovchi ustalarning mehnatini rag'batlantirish va daromadini oshirishga, sayyohlar jalb qilishga , qo'shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, O'zbekistonga kelgan sayyoh Turkmaniston, Turkmanistonga kelgan sayyoh O'zbekiston orqali qaytib ketishini yo'lga qo'yish mumkin. Shu tariqa milliy aviakompaniyalarning hamkorligini kengaytirish uchun ham yaxshi zamin hozirlanadi.

O'zbekiston Turkmanistonga xizmatlar, oziq-ovqat mahsulotlari, mexanik uskunalar, transport vositalari, shisha va qora metall hamda ulardan tayyorlangan buyumlar, optik asboblar, kimyo mahsulotlarini eksport qiladi. Turkmanistondan O'zbekistonga plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar, xizmatlar, mineral moddalar, noorganik kimyo mahsulotlari import qilinadi. Albatta, ikki tomonlama savdodagi tovarlar ro'yxati bundan ancha katta. So'nggi ikki yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobardan ziyod oshdi.

Foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, hamkorlikning yangi yo'nalishlarini ochish va rivojlantirish Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo qo'shma komissiya zimmasiga yuklangan. So'nggi yillarda Prezidentlar tashabbusi bilan ushbu komissiya muntazam ravishda majlislar o'tkazib kelmoqda. Toshkentda va Ashxobodda ikki mamlakatning milliy ko'rgazmalari tashkil qilindi.

Muzokarada gumanitar hamkorlik masalalari ham ko'rib chiqildi. Albatta, bu yo'nalishdagi aloqalarni rivojlantirishda xalqlarimiz o'rtasidagi ma'naviy yaqinlik, an'anaviy do'stlik rishtalari muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston va Turkmanistonning madaniyat va san'at namoyandalari ikki mamlakatda tashkil etiladigan festival, ko'rgazma va forumlarda muntazam ishtirok etib keladilar. Xususan, turkmanistonlik san'atkorlar Samarqandda o'tadigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchilaridir.

Muzokaralar yakunida Prezidentlar O'zbekiston-Turkmaniston qo'shma bayonoti hamda fuqarolarning o'zaro qatnovlari va chegarabo'yi hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun yengillashtirilgan tartib to'g'risidagi hukumatlararo bitimga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risidagi protokolga imzo chekdilar. Shuningdek, ikki mamlakat o'rtasida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Turkmaniston qo'shma komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish to'g'risidagi hukumatlararo bitim, tashqi siyosat mahkamalari o'rtasida 2010-2011 yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar ochiq, o'zaro ishonch va hurmat ruhida, ishchan kayfiyatda o'tganini, erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta'kidladilar.

- O'zbekiston bilan Turkmaniston o'rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda, - dedi Islom Karimov. - So'nggi yillarda ayniqsa iqtisodiy hamkorlik ko'lami kengaymoqda. Keyingi ikki yil davomida o'zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobardan ziyod yuksalgani buning yorqin tasdig'idir.

- Biz O'zbekiston bilan munosabatlarni yuksak qadrlaymiz, mamlakatlarimizning hamkorligi ham milliy taraqqiyot, ham mintaqaviy va xalqaro rivojlanish tamoyillariga asoslanadi, - dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Tashrifning ikkinchi kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmanobod shahrida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao va Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan birga to'rt mamlakat hududidan o'tuvchi xalqaro gaz quvurini foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etdi.

Bu yirik loyiha O'zbekiston bilan Turkmaniston o'rtasidagi munosabatlar ko'p tomonlama hamkorlik doirasida ham izchil rivojlanib borayotganining yana bir yorqin tasdig'idir.

Ashxobod safari asnosida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao bilan uchrashdi.

Muzokarada ikki tomonlama munosabatlar 2005 yilda imzolangan Do'stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to'g'risidagi davlatlararo shartnoma ruhida rivojlanib borayotgani qayd etildi.

- Biz Xitoy rahbari bilan har bir uchrashuvni hamda ushbu mamlakat bilan rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalarini yuksak qadrlaymiz, - dedi Islom Karimov. - O'zbekiston Xitoyni o'zining eng yaqin va ishonchli hamkorlaridan biri, deb biladi.

- Shanxay hamkorlik tashkilotining joriy yil iyun oyida bo'lgan Yekaterinburg sammiti doirasida o'tkazilgan uchrashuvimiz g'oyat samarali bo'ldi, - dedi Xu Szintao. - O'zaro hamkorlik borasida mamlakatlarimiz so'nggi yarim yil davomida katta yutuqlarga erishdi.

Islom Karimov va Xu Szintao O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik bilan bog'liq hamda o'zlarini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifi har jihatdan samarali bo'lib, o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasizdir. Islom Karimovning tashrifi Turkmaniston ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Toshkent-Ashxobod-Turkmanobod-Toshkent

Manba: www.uza.uz

 
150100 Farg'ona sh., Al-Farg`oniy, 5 uy
Tel.: (373) 244-08-07;
Fax: (373) 244-14-00;
E-mail: fertel@uztelecom.uz
Created by: Megagroup.uz